Endi shuni bilmoq lozimdirkim, bu dunyo ishlarini Alloh taolo butunlay sababga bog‘lamishdir. U dunyo ishlari bo‘lsa, Qur’onning aytishicha, sababsiz, xudo qudrati bilangina paydo bo‘lur. Hayot olamidagi dunyo ishlari zarradan Quyoshgacha, barcha narsalarning bo‘lishi va bo‘lmasligi bari sababga bogliqir. Tavakkal qilish, ya’ni, Allohga topshirishni ersa, inson toqatidan tashqari, qo‘lidan kelmaydigan ishlardagina shariat buyuradi. Shundoqki, dehqon yerni tanlab haydaydi, butun sharoitlarini bajargandan so‘nggida tuproqqa urug‘ ko‘madi. Ammo tuproq ichidan uni undirib chiqarish uning ishi emas. Bu to‘grida tavakkal qilib turishdan boshqa chorasi yo‘qdir. Bizning bu so‘zimiz hammaga tushunarlik bo‘lganlikdan, dunyo ishlarini musulmonlar, albatta, shunga taqqos qilishlari lozimdir. Payg‘ambarimiz aytdilar: «Musulmonlar dunyoda yaxshilik ko‘rsalar Allohga hamd aytsin. Agar yomonlik ko‘rar ekanlar, o‘zlaridan ko‘rsin, qilmishlari ularga qaytarilmishdir».
Oyat, hadis, xudo, payg‘ambar so‘zi mazmunicha to‘xtalgan hukm shulki, islomiyat sharoitlarini butun bajarish sharti bilan dunyo ishlarida moddiy, ma’naviy tomondan zamonaviy asboblarini to‘liqlab qo‘lga keltirish musulmonlar uchun farzdir. Agar bu ishni yuzaga chiqarish uchun yuz sharti bo‘lar ekan, shulardan to‘qson to‘qqizini bajarib, biriga kelganda uzrsiz uni qoldirsa, shariat oldida xiyonat qilgan bo‘lib, shu ishda jinoyatchi hisoblanadi. Chunki, hayot olamiga qurgan Alloh qonunini buzib, yaxshi saqlamagan bo‘ladi. Qaysi narsaning salbiy, ijobiy bo‘lishi bo‘lmasligi sabablari to‘liqlanar ekan, kimning qo‘lidan bo‘lsa ham, u narsaning yuzaga chiqishi aniqlanmishdir. Biz musulmonlarga ham shunday ishonish lozimdir. Chunki, bir ishning paydo bo‘lishi uchun, uning sabablari to‘liq qo‘lga kelar ekan, uni yuzaga chiqarish Allohning hayot olamiga qo‘ygan qonunidir. Qur’on tilida buni «odatillo, sunnatillo», ya’ni «Alloh odati, Alloh yo‘li» deb aytiladi.
Payg‘ambarlardan boshlab butun dunyoda yashaydirganlar shu qonunga bo‘ysunishga majburdirlar. Bunga misol Uhud urushida shu qonun yaxshi saqlanmagan edi. Bir zumda ahvol o‘zgarib, ish mo‘minlar ziyoniga aylandi. Bunga tushunmagan bir necha kishilar: «Muhammadni Xudo yuborgan bo‘lsa edi, biz shunday kunga qolarmidik, o‘zining tishi sinib, boshi yorildi, yo‘ldoshlaridan qancha kishilar dushmanlari qo‘lida o‘ldirildi», deb xato fikrga ketdilar. Haqiqatda esa bu ishga o‘zlari sababchi bo‘lmish edilar. Xudo Qur’onda ko‘rsatgan urush qonunlarini buzib, Rasululloh buyruqlarini bajarmagach, zafar bulardan yuz o‘girmish edi. Bu qonun dunyo boricha davom etajakdir.
Endi, biz musulmonlar, ayniqsa, ikki Turkiston turkiy xalqlari: barcha o‘zbek, uygurlar hayot olamida qurilgan Alloh odatiga yaxshi tushunib, dinimiz, Qur’onimiz buyrug‘ini amalga oshirolmadik. Shuning uchun hozirgi hayotimizda dushmanlar qo‘lida erk ixtiyorimizdan butunlay ajralib, burnimiz yerga ishqalangan holda hayvondek ishlab, qullardek qiynalib, kun kechirmoqdamiz. Yana shunday bo‘lsa ham, kelajakda ko‘zda tutilgan umidlar asosi ko‘rinib, uyg‘onish tuyg‘usi o‘qimishlik yoshlarimiz orasida sezila boshlanmishdir. Fikr uyg‘onishi ortidan ish o‘zgarish natija berishi burundan beri siyosat olamida bo‘lib kelgan ishdir. Tarix sahifalarida bunday hollarni ko‘p uchratamiz.
Kofirlik yomonmi, bilmaslik tushunmaslik yomonmi? Bu savolga dunyoning eng ulug‘lari payg‘ambarlardan boshlab, barcha bilimlik donishmandlar: «Bilmaslik va tushunmaslik kufrdan ham yomonroq», deb javob bermishdurlar. Chunki, o‘z zamoniga tushunmagan musulmonlar shariat oldida islom asoslarini bilmagan bo‘ladilar.
O’z milliy hukumatidan ajragan insonlar, o‘z vatanida turgan bo‘lsalar ham, biz Turkiston xalqi kabi butun huquqlaridan ajrab, xor zorliqqa qolishlari shubhasizdir. Biz esa o‘z merosimiz ona vatanimizga ega bo‘lolmay mol-boshlarimizdan, dinimizdan borliq narsalarimizdan butunlay ajramoqdamiz.
XX asr madaniyati orqalik dunyo bo‘yicha ilm tarqalib, buning natijasida Ovrupo ajdarholarining mustamlakalarida qulchilikda yashayotgan insonlar ozodlikka chiqib, o‘z milliy hukumatlariga ega bo‘ldilar va bo‘lmoqdalar. Shu bilan barobar ikkinchi tomondan o‘zlarini «mehnatchilar g‘amxo‘ri» deb pardalagan kommunist qizil ajdarholar tushunilmas, buzuq tuzulmalari ostida butun xalqni qutulmas qulchilikka solib, hayvonlarcha ishlatmoqdadirlar. Ayniqsa, biz ikki Turkiston o‘zbek uyg‘ur musulmonlari ikki ajdarho og‘ziga taqashib, yutilish oldida turibmiz. Endi ish shundayin fojialik holga yetganda bundan qutulish uchun qandaycha choralar ko‘rishimiz mumkin va qandaycha choralar ko‘rishimiz kerak! Chunki, hayot olamidagi butun ishlar sababga bog‘liq ekanligini, qachon bir ishning sababi topilar ekan, uni yuzaga chiqarish, Qur’on hukmicha, Allohning buzilmas odati ekanligini aniq bildik. Bunday bo‘lgach, bu fursatni ham g‘animat bilib, yutilib ketmasdan boldirroq (oldinroq, ilgariroq), undan qutulish choralariga kirishimiz lozimdir.
Yer usti insonlari yer osti ma’danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan, har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir ko‘mirlari ko‘p bo‘lgandek, oltin olmoslari ham oz emasdir. Endi esa kelajak kunlarda biz uchun yaxshi sharoit lar tug‘ilib, qobusi kelar ekan, tog‘ boskandek ustimizda bosib yotgan bosqinchilar qo‘lidan vatanimiz Turkistonni, albatta, qutqara olamiz. Chunki, bizlar hozirgi holda tog‘ tagiga tushgan chumolidek ojizlikda yotgan bo‘lsak ham, bunga qarshi ko‘z oldimizda tog‘larni qo‘morgidek (ag‘dargudek, ko‘chirib, yulib tashlagudek), dahshatlik kuch quvvatlar fursat kutib turibdilar. Agar shundoq kunlar to‘g‘ri kelar ekan, siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o‘z hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o‘z hukumati o‘z qo‘lida bo‘lmas ekan, cho‘poni qo‘ychiboni yo‘q bir to‘da qo‘y kabi yirtqich qushlarga, och bo‘rilarga yem bo‘lib, oxiri inqirozga uchrab yo‘qoladi.
Endi maqsadga yetmoq uchun davlatimiz qo‘limizdan ketgan bo‘lsa ham, millatimizni yutilishdan saqlab qolish kerak. Buning birdan bir chorasi esa, diniy va ham milliy hislarimizdan ajramaslik edi. Biroq bu hiylagar bosqinchilar o‘zlarining zulm-istibdod hokimiyatlari ostida diniy milliy hislarimizni yo‘qotish uchun, tish-tirnoqlari bilan qattiq kirishganliklari natijasida, Turkiston xalqining diniy hislari ko‘ngillaridan ko‘tarilib qoldi. Nechuk ko‘tarilmagaykim, din ilmi, din tarbiyati birinchi navbatdayoq maktab madrasalardan chiqarilib tashlab, o‘quv o‘qituv ishlari butunlay dinsizlik asosiga qurilmish edi. Shundan beri 50 yil o‘tdi. Sovet hukumati kommunistik istibdod ostida diniy milliy hislarini butunlay xalq ko‘nglidan chiqarish uchun, moddiy va ma’naviy kuchlari bilan dinga qarshi butun choralarini ko‘rmoqda. Buning ta’siri orqalik hozirgi yoshlarimizning din haqidagi tushunchalari o‘zgarib, diniy hislari yo‘qolishi boshlandi. Uning ustiga baynalmilal pardasi ostida yoshirinib olib, millatchilik yo‘q desa ham, boshqalarni yutish qonunini amalga oshirish bilan bizni yutmoqchi bo‘ladilar. Endi bu yolmog‘izlarga yutilishdan o‘zimizni qutiltirish uchun, diniy, milliy hislarimizni saqlab, zamonaviy fan ilmlarini egallashdan boshqa chora topilishi mumkin emasdir.
Xulosa shuldirki, milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo‘lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o‘zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo‘yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chog‘da millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlangusidir. Agar bunday bo‘lmay balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chog‘da ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib, o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug‘ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug‘ Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon-sharaflik nom nishonlari o‘chiriladi demakdir.
«Xonligingdan ajrasang dag‘i, ulusingdan ajrama», degan eskidan qolgan maqol eng hikmatli so‘zdir. Chunki, bizning ishimiz va bizga o‘xshash boshqalarning ham ishlari shu hozirda talashib-tortishib yotgan dunyo siyosatiga bog‘liqdir. Shunga davr til adabiyotimizdan adashmay, milliy hissiyotimizdan ajramagan holda, zamonaviy ilmlarni egallashimiz kelajakda ko‘z tutilgan ulug‘ maqsadlarimizning birinchi shartidur.
No comments:
Post a Comment