Bismillohir rohmanir rohiym.
Muhtaram o‘quvchi! Ma’lumdirki, inson bolasi o‘z padari buzrukvoriga qarab qad rostlaydi. Lekin millatni jahon miqyosida shuhratlantiradigan buyuk shaxslar haqida yozish hamisha sharafli, mas’uliyatli va bir vaqtda o‘ta murakkab vazifadir. Mazkur vazifaning qo‘shimcha og‘irligi o‘z bobongiz haqida yozishdir, chunki «hissiyotlarga berilib, mavzu xolisona yoritilmagan» deyilishi mumkin gumonlarga asos bo‘lmasligi kerak. Shu sababli boshqalar yozishadi degan umidda ko‘p yillar o‘tdi. Keyingi yillarda bosilib chiqayotgan maqolalarning ko‘pi bir tomonlama bo‘lib, Alixonto‘rani o‘z davrining siyosiy, mafkuraviy tuzumini qabul qilgan, uning g‘oyalariga ishonib aldangan olimlar qatorida ifoda etishga urinishlar bo‘ldi. Bu, albatta, shu davrning yozuvchilari uchun qulay, chunki bu inson ham o‘zimizdan edilar demoqchi bo‘lishadi. Lekin haqiqat unday emas ekanligini ushbu kitobdan bilib olasiz. Shu bois bu haqda batafsilroq ma’lumot berish zarur deb bildim.